Chiqindi – bu faqat yerga tashlangan shisha yoki paket emas. Bu odamlarning madaniyati, e’tibori va mas’uliyatidan darak beruvchi ko‘zgudir. Achinarlisi, biz bu ko‘zguda o‘zimizga qarashni istamaymiz. Achchiq bo‘lsa ham, haqiqat shuki, hozirgi kunda har kim chiqindini o‘z uyidan nari, ko‘chaga yoki boshqa hududga tashlab, o‘zini “pok” deb hisoblaydi. Ammo ifloslik ko‘chada emas – u bizning ongimizda, o‘zgarishga bo‘lgan loqayd munosabatimizda.

Ushbu suratlar poytaxt markazida olingan. Va bu ishlarning barchasi sizu bizga o‘xshagan insonlar tomonidan qilingan. Toshkent shahrida chiqindilarni to‘plash va boshqarish tizimi, afsuski, hamon muammoli holatda qolmoqda. Aholi gavjum bo‘lgan joylarda – metro chiqishlari, avtobus bekatlari, bozor atrofida – chiqindi qutilarining yo‘qligi yoki ularning kamligi ekologik madaniyatni shakllantirishda katta to‘siqqa aylanmoqda. Ayrim hollarda chiqindi qutisi o‘rnatilgan joyda ham odamlar undan foydalanmaydi, axlatlar ochiq joylarga tashlab ketiladi. Bu holat shaharning estetik qiyofasiga ham putur yetkazmoqda.
Har kuni millionlab odamlar iste’mol qilgan mahsulotlarining qoldiqlarini axlatga tashlaydi. Ammo biz bu chiqindilar qayerga ketishini, ular tabiatga qanday ta’sir qilishini ko‘p hollarda o‘ylamaymiz. O‘zbekiston bo‘ylab yiliga million tonnalab maishiy va sanoat chiqindilari hosil bo‘ladi. Afsuski, ularning katta qismi maxsus ajratilmagan poligonlarda yoki ochiq joylarda to‘planib, atrof-muhit va inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Men sizga yaqinda bo‘lgan voqeani aytib bermoqchiman.
Ikki kun oldin o‘qishga ketayotgan paytim, ko‘chada maktab yoshidagi ikki bola muzqaymoq yeb ketayotganini ko‘rdim. E’tibor bersam, ular turgan joydan taxminan ikki metr uzoqlikda chiqindi qutisi bor edi. Lekin bolalar muzqaymoqning o‘ralgan qog‘ozini chiqindi qutisiga emas, yo‘lga tashlab ketishdi. Mana sizga ekologik madaniyat haqida jonli misol. Bu bir qarashda oddiy holdek tuyulishi mumkin. Bolalar bu ishni bilib yoki bilmasdan, lekin odat sifatida bajardi. Chunki ularga bunday odob va mas’uliyatni hech kim o‘rgatmagan, ta’limda, oilada va jamiyatda bu masalaga jiddiy yondashilmagan.
Ekologik madaniyat – bu atrof-muhitni yaxshi ko‘rish haqidagi she’r yoki plakat emas. Bu – har kunlik harakatlar, mayda ishlarga bo‘lgan ehtiyotkor munosabatdir. Agar bir bola ikki metr yurib chiqindi qutisiga qog‘oz tashlashni ortiqcha deb bilsa, demak, biz tarbiyada, ta’limda, tushuntirishda, namuna ko‘rsatishda kamchilikka yo‘l qo‘yganmiz.
Xo‘sh, nega chiqindi tobora ko‘payib bormoqda? Buning asosiy sabablaridan biri, foydalanish muddati o‘ta qisqa bo‘lgan buyumlarning ko‘plab ishlab chiqarilishidir. Atigi 100 yil ilgari dehqonlar o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarini qadoqsiz, qayta ishlovsiz dasturxonga yetkazib berishgan. Chiqayotgan asosiy chiqindi organik xarakterda bo‘lib, yem tayyorlash va o‘g‘it sifatida ishlatilgan. Shaharlarning o‘sishi, farovonlik sari intilish, bir martaba ishlatiladigan buyumlarga tezkorlik bilan o‘tish, ishlab chiqarishning kengayishi, keng miqdorda aynan kimyoviy moddalardan yasalgan polietilen, plastmassa va shishaning ishlatilishi ushbu muammoni yuzaga keltirdi. Chiqindi avvalo rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarning muammosi ekanligi bejiz emas.
Tovarni sotish uchun uni qadoqlash aksariyat hollarda tovar narxini bir necha barobarga oshiradi. Shuningdek, aholi jon boshiga olinayotgan daromad ham katta rol o‘ynaydi. Rivojlanishdan orqada qolayotgan mamlakatlar aholisining daromadi past bo‘lgani bois, ular sotib olingan buyumlarni tejab, avaylab ishlatishga harakat qilishadi. Bu esa chiqindining kamayishiga olib keladi.
So‘nggi yillarda plastik yetakchi o‘rinni egallashni boshladi. Hozir tozalash, oziq-ovqat mahsulotlari, parfumeriya va boshqa tovarlar qadoqlari an’anaviy qog‘oz va shishadan plastikka o‘tmoqda. Plastikni boshqa materiallar bilan qo‘shib ishlab chiqarish yaroqlilik muddatini uzaytiradi. U nur va bakteriyalar ta’sirida deyarli parchalanmaydi. Uning yo‘q bo‘lib ketishi uchun 200 yil kerak. Qadoqdagi xlor birikmalari atmosferaga chiqqanida quyosh nurlari ulardan xlor atomlarini ajratib chiqaradi. Xlor esa ozon qatlamini yemiruvchi kimyoviy moddalardan biridir.
Agar uning atmosferadagi miqdori oshsa, yerga tushayotgan ultrabinafsha nurlar soni ortib, teri va onkologik kasalliklar ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ayni paytda biologik jihatdan parchalanadigan plastik turini ishlab chiqarish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Buyuk Britaniya va Shveytsariyada tabiiy muhitda parchalanadigan plastik turi kashf etildi, ammo uning ishlab chiqarish qiymati yuqori bo‘lgani bois, hali u qadar ommalashmagan.
Masalan, Chilonzor va Buyuk Ipak Yo‘li metro bekati atrofida kun davomida yuzlab odamlar ovqatlanadi, ko‘chma savdo joylari ishlaydi. Ammo chiqindi qutisi kamligi tufayli plastik idishlar, qog‘ozlar va ovqat qoldiqlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerga yoki yaqin atrofdagi daraxt ostiga tashlab ketiladi. Shunday holatlar shaharning boshqa tumanlarida – Shayxontohur, Sergeli, Yakkasaroy va Yunusobodda ham kuzatiladi.
O‘zbekistonda yiliga 7 million tonnaga yaqin maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Aholi jon boshiga chiqindi miqdori yil sayin 2 foizga ortib, jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan oshib ketmoqda.
Vaziyatni og‘irlashtirayotgan yana bir muammo – chiqindilarni saralash madaniyatining yo‘qligi. Aholi plastik, organik yoki shisha chiqindilarni bir-biriga aralashtirib, yagona paketga solib tashlaydi. Shu bois, ular orasidan qayta ishlashga yaroqli materiallarni ajratish qiyin kechmoqda. Ko‘plab davlatlarda chiqindi uydayoq saralanadi. Toshkentda esa bu ish endigina yo‘lga qo‘yilmoqda va jamoatchilik tomonidan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmayapti.
Kecha shu masala bo‘yicha bir necha tozalik farishtalari bilan suhbatlashdim. Ularning ko‘pchiligi bir fikrda.
“Biz qo‘ldan kelgancha tozalashga harakat qilamiz, lekin ayniqsa yoshlar chiqindilarni to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketmoqda. Hozir hamma yoqda, park va soya joylarda pikniklar qilinyapti. Odamlarning aksariyati fastfudga buyurtma beradi. Biz eng ko‘p aynan fastfudlarning o‘ralgan qadoqlarini tozalaymiz. Ba’zilar chiqindini daraxt tagiga, ba’zilar esa xohlagan joyiga tashlab ketadi. To‘g‘ri, kimlardir bizga rahmat aytgan holda chiqindilarni belgilangan joyga tashlaydi. Lekin yana kimlardir aynan biz tozalayotgan joyga chiqindi otib, bu sening ishing-ku, deydi. Go‘yoki bu bizning aybimizdek”, – deydi ular.
Chiqindilar muammosi faqat davlat yoki maxsus tashkilotlar emas, balki har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyatidir. Biz farzandlarimizga iflos, chiqindiga botgan dunyo emas, toza havo, sof tabiat va yashil kelajak qoldirishni istasak, bugunoq harakat qilishimiz shart. Yaxshi kelajakni kimdir qurib beradi, degan umidga emas, o‘z qo‘limizdagi imkoniyat va mas’uliyatga tayanish lozim.