Xorijiy xabarlar|49

5-iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi nafaqat ekologlar yoki hukumat, balki har bir inson uchun dolzarb vazifaga aylanmoqda. Inson faoliyatining ta’siri tufayli global isish, biologik xilma-xillikning kamayishi, havo va suvning ifloslanishi kabi jiddiy muammolar vujudga kelmoqda. Bu holat sayyoramizning barqarorligi va inson salomatligi uchun katta tahdid soladi.

5-iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

Ekologiya – faqat tabiat emas, balki inson salomatligi, milliy iqtisodiyot va kelajak farovonligini qamrab oluvchi muhim sohadir. Shu bois har yili 5-iyun dunyoda Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana jahon hamjamiyatini tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va global ekologik muammolarga yechim topishga chorlash maqsadida joriy etilgan.

1972-yilda Stokgolm shahrida BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha konferensiyasida qabul qilingan rezolyutsiya asosida ushbu sana rasman belgilandi va 1974-yildan boshlab keng nishonlana boshlandi.

Yana bir muhim masala, 2024-yilda Yevropa Ittifoqining “Clean Air Task Force” tashkiloti hamda Germaniyaning “Max Planck Institute for Chemistry” ilmiy muassasalari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ayrim shaharlarda havo ifloslanishi belgilangan me’yorlardan 8–10 barobar yuqori darajada ekani aniqlangan. Ayniqsa, Hindiston, Xitoy va Markaziy Osiyoning ayrim shaharlarida havodagi zararli moddalar aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

So‘nggi yillarda Shimoliy Amerika, G‘arbiy Yevropa va Yaponiya kabi mintaqalarda ekologik toza yoqilg‘ilardan foydalanish hamda samarali texnologiyalar joriy etilishi natijasida havo sifati ancha yaxshilangan. Havoni ifloslantiruvchi asosiy manbalar – elektrostansiyalar, sanoat korxonalari va avtotransport vositalaridir. Ulardan tarqaladigan zararli gazlar va tutunlar uzoq muddat havoda saqlanib, inson salomatligiga katta tahdid tug‘diradi.

Shu bilan birga, chiqindilar muammosi ham global ekologik xavflar qatorida turadi. Bu masala nafaqat sanitariya va gigiyena, balki shaharlar rivojlanishi va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, tabiiy resurslar – yer, suv, o‘rmon, atmosfera havosi, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.

Hozirda dunyo bo‘yicha har yili 400 million tonnadan ortiq plastik ishlab chiqariladi. Shuning yarmi faqat bir marta foydalanish uchun mo‘ljallangan. Afsuski, ulardan atigi 10 foizigina qayta ishlanadi. Har yili 11 million tonna plastik suv havzalariga tushadi — bu 2 200 ta Eyfel minorasining og‘irligiga teng. Mikroplastikalar – 5 millimetrdan kichik zarrachalar – oziq-ovqat, suv va havoga aralashib, har bir inson tanasiga yiliga o‘rtacha 50 ming dona plastik zarracha kirishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda ham atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ekologik barqarorlikni ta’minlash muhim yo‘nalish sifatida belgilangan. Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bu tashabbus shahar va qishloqlarning ekotizimini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatda 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizdan oshirish maqsad qilingan. Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 16 ming megavattga yetkazish rejalashtirilgan. Bu energetikada barqaror rivojlanish va ekologik toza kelajak sari tashlangan muhim qadam hisoblanadi.

O‘zbekiston Parij iqlim bitimiga qo‘shilgan va hozirda ekologik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha milliy konsepsiyani amalga oshirmoqda. Cho‘llanish, yer degradatsiyasi va bioxilma-xillikning yo‘qolishiga qarshi keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni – bu faqatgina tabiat go‘zalligini nishonlash emas, balki uni asrash, kelajak avlod uchun sog‘lom muhit qoldirishga qaratilgan javobgarlikni his etish kunidir. Har birimiz o‘zimizdan boshlab ekologik mas’uliyatni oshirsak, sayyoramizning barqaror kelajagiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.