Murojaatlar|14

Toshkentda ichimlik suvi quvuri yorildi: toza suv ko‘chaga oqmoqda

Toshkent shahrining Zulfiyaxonim ko‘chasida ichimlik suvi quvurining yorilishi oqibatida katta hajmdagi toza suv ko‘chaga oqib chiqayotgani haqida tahririyatimizga murojaat kelib tushdi.

Toshkentda ichimlik suvi quvuri yorildi: toza suv ko‘chaga oqmoqda

Ma’lum qilinishicha, hodisa Zulfiyaxonim ko‘chasida joylashgan "Kamolon osh" ro‘parasi, TS-12 hududida sodir bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, quvurdagi nosozlik tufayli ichimlik suvi kuchli bosim bilan favvora holida yer yuzasiga chiqib, atrof hududga tarqalmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday avariyalar ichimlik suvi resurslarining behuda sarflanishiga olib kelishi bilan birga, yo‘l qoplamasining shikastlanishi, hududlarning suv ostida qolishi hamda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashda uzilishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, suv ta’minoti tarmoqlaridagi nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish suv resurslarini tejash va infratuzilma xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tahririyat mas’ul kommunal xizmatlar va tegishli tashkilotlardan mazkur holatga tezkor ravishda e’tibor qaratib, avariyaviy nosozlikni bartaraf etish hamda ichimlik suvi isrof bo‘lishining oldini olishni so‘raydi.

Eslatib o‘tamiz, suv eng qimmat tabiiy boyliklardan biri hisoblanadi. Uni asrash va tarmoqlardagi sizib chiqishlarni o‘z vaqtida bartaraf etish ekologik barqarorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biridir.

Manzil: Toshkent shahri, Zulfiyaxonim ko‘chasi, "Kamolon osh" ro‘parasi (TS-12).