Bioxilma-xillik|67

LANKAVI: YASHIL TABIATNING INJU GAVHARI

“Sayohatingizning tub mohiyati – faqat xaritadagi joy bo’lib qolmasin, eng muhimi hayotga yangicha qarash bo’lsin.” Genri Miller.

LANKAVI: YASHIL TABIATNING INJU GAVHARI

 Yashillikka burkangan orollar zanjiri, oppoq qumli sohillarni yuvgan moviy to’lqinlar mavji, betakror va noyob flora hamda fauna dunyosiga doyalik qilgan oshiyon, ko’hna afsonalar va asotirlar diyori bo’lgan maftunkor go’sha - bu - Lankavi. Malayziyaning shu orolini ilk bora ko’rgan inson hayrat ummoniga sho’ng’ishi tayin. Tropik o’rmonlari, ekzotikasi, milliy koloriti va taomlari, mehmonxonalari, plyajlari, madaniy maskanlari  bilan  jahon sayyohlarini o’ziga ohanrabodek jalb etayotgan orol bizga yanada yaqinlashdi. Gap shundaki, shu oyda yurtimizdagi bir guruh OAV xodimlari uchun ushbu betakror orolga infotur  tashkil etildi.

Orol haqida qisqa ma’lumot: Lankavi - Malayziya orollar tizimining eng yirigi. U Andaman dengizi bo’yida jo’ylashgan. Hudud noyob  o’simlik va hayvonot olamiga ega bo’lib, 2007 yilda YUNESKO jahon geoparklari ro’yxatiga kiritildi. Lankavi Janubi-Sharqiy Osiyodagi bu maqomga ega ilk hudud hisoblanadi. Orol nomi malay va sanskrit tilida “qizil burgut” yoki “afsonalar oroli” ma’nolarini anglatadi.

       Dekabr oyi bo’lishiga qaramay, ekvatorial iqlimga ega, palmalar va anvoyi daraxtlar qurshovidagi Lankavida sayyoylik mavsumi avjida ekan. Aeroportda mahalliy urf - odatga ko’ra, milliy liboslarda, etnik misiqa sadolari ostida gulchambarlar bilan qarshi olingan mehmonlarning dastlabki lokatsiyasi Malak bo’g’ozi sohilida, Pantay Tenga plyaji hududida joylashgan zamonaviy mehmonxona bo’ldi.  Infotur ishtirokchilari orol aeroportidan uzoq bo’lmagan   5 yulduzli “PARK ROYAL Langkavi Resort” mehmonxonasiga joylashib, obyekt bilan atroflicha tanishdilar.

       Ta’kidlash joiz, mazkur dam olish go’shasida  ta’bi eng  nozik sayyohlar uchun ham  barcha qulayliklar yaratilgan bo’lib, safar ishtirokchilariga  u nihoyatda manzur bo’ldi. Derazalari bahri muhitga qaragan qulay, yorug’, shinam xonalar, anvoyi gullar bilan bezatilgan sayr yo’laklari, 1- va 5- qavatdagi basseynlar, bolalar maydonlari, plyaj, fitnes zali, restoran-barchasi a’lo darajada. Tashrifchilarda   “Park Royal”ning spa markazi ham katta taassurot qoldirdi. Malakali mutaxassislar mehmonlarga o’z faoliyatlari haqida so’zlab berishdi.

       Safar davomida o’zbekistonlik jurnalistlar Malayziya turizm sohasi vakillari bilan muloqotda bo’ldilar, tomonlar o’zaro fikr almashishdi. Suhbat chog’ida, mezbonlar, Lankavi Malayziyaning Kedax shtatida joylashgan yirik turizm markazi sifatida dunyoga tanilayotgani, yuzga yaqin orollarni birlashtirgani, u Duty free - bojsiz savdo hududi maqomiga ega bo’lib, ko’plab do’konlar  mavjudligi, bu esa, shoping istagida bo’lgan turistlar  uchun ham qulay joy ekanini so’zlab berishdi.


     “Batik Air” aviakompaniyasi hamkopligida uyushtirilgan safarda   o’zbikistonlik jurnalistlar “Qizil burgut” orolining turistik imkoniyatlari, o’ziga xos tabiati, eko va madaniy marshrutlari  bilan atroflicha tanishdilar. Ular  ning o’nlab diqqatga sazovor maskanlarida bo’ldilar.  Xususan, “Osmon ko’prigi” nomi bilan mashhur dor yo’li (Sky Brigde)da sayr qilib, funikulyorda qush parvozi balandligidan orolni, sharsharalarni  tomosha qilishdi. Infotur ishtirokchilari dor yo’lining ikki to’xtash nuqtasida tushishganida, ko’z o’ngilarida mo’jizaviy manzara namoyon bo’ldi. Ularni go’yo bulutlar qurshab oldi.  Yana sayohatchilar bu erda bemalol yurgan maymunlarni tomosha qildilar. So’ngra, OAV vakillari Kuaxdagi Lankavi timsoli “Burgut haykali” maydonida sayr qildilar. Qayiqda Kilim Geoforest  parki mangro daraxti o’rmonlarini ko’zdan kechirdilar. Orolning yaxlit ekotizimini himoyalovchi bu o’rmonlar sayyoramiz uchun o’ta muhim. Sho’r  suvda o’sa oladigan, toshqinlarga bardoshli mangroni super daraxt  deyishadi. Bejiz, YUNESKO tomonidan Xalqaro mangro ekotizimlarini asrash kuni e’lon qilinmagan. “Bat Cave” ko’rshapalaklar g’ori, “Dream Forest” yog’dular parki, “Farzand kutayotgan ayol” va boshqa nomdagi orollarga bo’lgan tashrif, burgut va kamyob baliqlarni oziqlantirish jarayonlari ham o’zbekistonliklarda jo’shqin hissiyotlar uyg’otdi.

Safar muddatining ikkinchi yarmida o’zbekistonlik jurnalistlar galdagi 4 yulduzli “MERCURE” hotels & resorts mehmonxonasiga joylashdilar. Bu turistik maskan ham ularga manzur bo’ldi. Ayniqsa, bu yerdagi bosh oshpaz hozirlagan  taomlar taxsinga loyiq bo’ldi.


6 kunlik tashrif davomida tadbir ishtirokchilari orollardagi turli ekoso’qmoqlar, baliqchilik  xo’jaligi, chunonchi, mahalliy fermalardan birida bo’lib, u yerda o’stirilayotdan meva va sabzavotlar, parvarishlanayotgan parrandalar, jonzotlarni ko’zdan kechirishdi. Lankavida taniqli bo’lgan va fermaga taklif qilingan blogerlar bilan suhbatlashdilar. O’zbekistonliklarga shu yerning o’zida Malayziya milliy taomlarini pishirish  bo’yicha mahorat darsi uyushtirildi. Mehmonlar o’zlari tayyorlagan taomlardan totib ko’rdilar. O’ta samimiy ruhda kechgan uchrashuv va muloqot yorqin  xotiralar bilan uzoq vaqt yodda qoladigan bo’ldi.

Sayohatning kulminatsiyasi-so’nggi kunda infotur qatnashchilari kemaga taklif etildi. Ular ummon bo’ylab suzib ketayotgan paromda quyoshning botishini tomosha qildilar. Shu yerning o’zida dasturxon yozildi, milliy yaomlar tortildi. Kemada yangragan o’zbek xonandalarining qo’shiqlari tadbir ishtirokchilariga yanada ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi.


Qisqa muddat davom etgan, o’zbek ijodkorlariga olam-olam betakror, unutilmas taassurotlar, turfa ranglar-u, iforlarga boy zavqli, hayajonli daqiqalarni ato etgan infotur shu tarzda yakunlandi. Lankavi aholisi misolida  insonning tabiat bilan uyg’unlikda yashab, muvozanatni saqlay olishi, uni asrashni muqaddas aqida, hayot tarzi deb bilishiga guvoh bo’ldik.  Borliq ham bu mehrga munosib javob qaytarmoqda. Turizm orqali shu apriorini jahonga namoyon etayotgan Lankaviga sayohat, shubhasiz, sizni bir pog’onaga ulg’aytiradi. Yashil olamni chindan sevishga o’rgatadi. Yurtimizning bir guruh  ijodkorlariga favqulodda yangi ilhom epkinlarini tuhfa etgan g’aroyib sayohatga eshik ochgan tashkilotchilardan  benihoya minnatdormiz.