Eng qo‘rqinchli tomoni shundaki, bu xavfni ko‘rib bo‘lmaydi, eshitib bo‘lmaydi. Uning oqibatlari sekin, lekin tizimli tarzda namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonda mayda qushlarning kamayib ketishiga yana bir sabab, “chumchuqning go‘shti erkaklarning jinsiy quvvatini oshiradi”, degan stereotiplarning mavjudligidir. Oqibatda O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida “Chumchuq kafe”lari ochilib, ularda ochiqdan ochiq chumchuqlar pishirib sotilmoqda. Ekolog.uz telegram botiga kelib tushgan murojaatlar natijasida Qo‘qon shahrida, Toshkent viloyati Yangiyul tumanida faoliyat olib borayotgan ana shunday taomxonalar jarimaga tortilgan edi.

Eslaysizmi… ertalab uyg‘onishingiz bilan birinchi eshitilgan ovoz chumchuqlarning chug‘urlashi edi. Ularning ovozi tong otganidan darak berardi: qishloqda, shaharda... Chumchuqlar tabiat sizning derazangiz ortida boshlanishini eslatib turishardi. Bugun esa shaharda tong boshqacha otmoqda. Ertalab ko‘z ochganingizdanoq birinchi eshitgan ovozingiz mashinalarning signali, bolalarning, qurilishlarning ovozi. So‘nggi yillarda shahar qushlari, ayniqsa chumchuqlar ko‘rinmas darajada kamayib ketdi. Bu tasodif emas, bu tabiatning bizni ogohlantirayotgan belgilaridan biridir. Ming yillar davomida chumchuqlar biz bilan bir tom ostida yashab, devor yoriqlarida in qurib, bola ochardi. Ammo biz qurayotgan yangi, ko‘p qavatli uylar, shisha qoplamalar, alyukabond devorlar ularni qabul qilmadi.
Chumchuqlar bola ochishi uchun joy qolmadi. Bugungi shaharlar qulaylik timsoli. Lekin bu qulaylik tabiat hisobiga qurilgan. Ilgari hovlilarda gullar, o‘tlar, hasharotlar ko‘p edi. Hozir esa asfal't va beton. Chumchuq bolasini nima bilan boqsin? Uning asosiy ozuqasi - hasharotlardir. Ammo ular ham kamayib ketdi. Chumchuqlar yo‘qolsa nima bo‘libdi, ularning o‘rnini boshqa qush egallaydi, shunga ham shuncha qayg‘urayapsizmi, deydi bu mavzuda gap ketsa... Afsuski, boshqa qushlar ularning o‘rnini bosa olmaydi. Nega deysizmi?
Chumchuqlar insonga eng yaqin yashaydigan qushlardan biri. Rossiyalik ornitolog Yevgeniy Panov o‘z tadqiqotlarida shahar muhitida yashaydigan qushlarda stress gormoni kortikosteron darajasi qishloq yoki tabiiy hududlardagi qushlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lishini qayd etdi. Olimning fikricha, bu chumchuqlarning immun tizimiga ta'sir qiladi, kasalliklarga moyillikni oshiradi va umr davomiyligini qisqartiradi. Masalan, Rossiya shaharlarida olib borilgan kuzatuvlar chumchuqlar populyasiyasi so‘nggi 20–30 yil ichida keskin kamayganini ko‘rsatdi.
-Shahar qushlari uchun shovqin eng katta muammolardan biridir, deydi ekolog Fazlullo Agzamov.- Chumchuqlar ovoz orqali muloqot qiladi: juft topish, xavf haqida ogohlantirish, hududni himoya qilish. Lekin doimiy avtomobillar shovqini ularning signallarini “bosib qo‘yadi”. Natijada ular o‘z juftlarini topishda qiynalishadi, bolalarini himoya qilish samaradorligi pasayadi, qushlar o‘rtasidagi aloqa buziladi. Havo ifloslanishi ham ularning hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.Tadqiqotlar mayda zarralar (PM2.5) qushlarning nafas olish tizimiga zarar yetkazishini, ularning energiya almashinuvini buzishini ko‘rsatgan. Bu esa ko‘payish darajasini pasaytiradi. Ayrim kuzatuvlarda shahar chumchuqlari tuxumlarining soni va sifatining kamaygani qayd etilgan. Ilgari chumchuqlar asosan hasharotlar bilan oziqlangan, bu esa polaponlarning sog‘lom o‘sishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Ammo shaharlarda pestisidlarning qo‘llanilishi va bioxilmaxillikning kamayishi natijasida hasharotlar soni qisqarmoqda. Natijada chumchuqlar majbur ravishda inson chiqarayotgan chiqindilar bilan oziqlanmoqda, bu esa ularning salomatligiga salbiy ta'sir qiladi.
Ornitologlar yana bir omil, ko‘zga ko‘rinmas, ammo ta'siri ehtimoldan xoli emas xavf elektromagnit nurlanish, mobil aloqa antennalari, Wi-Fi tarmoqlari, raqamli infratuzilmaning cheksiz to‘ri qushlarga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatishini ta'kidlashmoqda. Ular biz uchun tezlik, qulaylik, doimiy aloqadir. Tabiat uchun esa juda katta xavf. Qushlar, xususan chumchuqlar kabi mayda turlar, muhitdagi eng nozik o‘zgarishlarga ham sezgir bo‘lishadi. Ular yo‘nalishni topish, juft tanlash, hatto kundalik faoliyatida ham tabiiy signallarga tayanadi. Elektromagnit to‘lqinlar esa aynan shu signallarni uzadi. Ayrim tadqiqotlar qushlarning orientasiyasi, in qurish xulqi va ko‘payish jarayonlarida o‘zgarishlar kuzatilganini qayd etadi. Eng qo‘rqinchli tomoni shundaki, bu xavfni ko‘rib bo‘lmaydi, eshitib bo‘lmaydi. Uning oqibatlari sekin, lekin tizimli tarzda namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonda mayda qushlarning kamayib ketishiga yana bir sabab, “chumchuqning go‘shti erkaklarning jinsiy quvvatini oshiradi”, degan stereotiplarning mavjudligidir. Oqibatda O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida “Chumchuq kafe”lari ochilib, ularda ochiqdan ochiq chumchuqlar pishirib sotilmoqda. Ekolog.uz telegram botiga kelib tushgan murojaatlar natijasida Qo‘qon shahrida, Toshkent viloyati Yangiyul tumanida faoliyat olib borayotgan ana shunday taomxonalar jarimaga tortilgan edi. Ammo, afsuski ular mazkur faoliyatini to‘xtatgan yo‘q. Inson nafsi aksariyat holatda nafaqat qushlarning sonining kamayishiga, balki umumiy ekotizim barqarorligiga ham tahdid solayotganini bugun chumchuqlarning kamayib ketganligidan ham ko‘rish mumkin. Bugungi kunda qator rivojlangan davlatlarda chumchuqlar sonining kamayishi “ekologik signal” sifatida qabul qilinmoqda. Chunki chumchuqlar ekotizim salomatligining ko‘rsatkichidir.
Xo‘sh, chumchuqlar yo‘qolsa nima bo‘ladi?
Avvalo butun ekotizimdagi nozik muvozanat buziladi. Biz har kuni ko‘rib, o‘rganib qolgan chumchuqlar aslida tabiatning juda muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.Ular minglab hasharotlarni yeb, zararkunandalar sonini tabiiy ravishda tartibga soladi. Bu tabiatning o‘z mexanizmi, inson aralashuvisiz ishlaydigan muvozanat tizimidir. Agar chumchuqlar yo‘qolsa, bu tizim izdan chiqadi, hasharotlar keskin ko‘payishi mumkin, bu esa qishloq xo‘jaligiga bevosita zarar yetkazadi. Natijada inson pestisidlarga yanada ko‘proq murojaat qiladi. Oqibatda hasharotlar, boshqa jonivorlar va hatto inson salomatligini ham xavf ostida qoladi. Ikkinchidan, chumchuqlar ozuqa zanjirining ajralmas qismi. Ular bilan oziqlanadigan yirtqich qushlar, mayda jonivorlar o‘zining asosiy manbasini yo‘qotadi. Bu esa tabiatda zanjirli reaksiyani keltirib chiqaradi: bir tur yo‘qolsa, uning ortidan boshqalari ham xavf ostida qoladi. Tabiatda barcha narsa o‘zaro bog‘langan - bir bo‘g‘in uzilsa, butun tizim zaiflashadi.
Uchinchidan, bu bioxilmaxillikning kamayishi demakdir. Tabiat noyob bir to‘qima, unda har bir tur bir ipdek. Chumchuqlar ana shu iplardan biri. U uzilsa, to‘qimaning mustahkamligi pasayadi. Bu esa faqat bitta qush haqida emas, balki butun tirik tabiatning barqarorligi haqidagi masaladir. Chumchuqlar shovqin qilmay, norozilik bildirmay, hayotimizdan chiqib ketayapti. Eng ta'sirli yo‘qotish bu inson qalbida seziladigan bo‘shliqdir. Chumchuqlar shahar hayotining ajralmas qismi: ularning chug‘ur-chug‘uri ertalabki sokinlikni to‘ldiradi, ular bolalik xotiralarimizning bir bo‘lagi, oddiylik va tabiiylik ramzidir. Ular bor joyda hayot borligini his qilamiz.
Chumchuqlarni saqlab qolish mumkinmi?
Eng avvalo, muhitni o‘zgartirish kerak. Shaharlar faqat beton va asfal'tdan iborat emas, ular tirik makon bo‘lishi lozim. Daraxtlar ekish, yashil hududlarni ko‘paytirish, katta daraxtlarni asrab qolish juda muhim, chunki ular chumchuqlar uchun nafaqat boshpana, balki hayot manbaidir. Ular aynan shu joylarda in quradi va oziq topadi. Shu bilan birga oziq-ovqat zanjirini tiklash muhim. Pestisidlardan kamroq foydalanish, hasharotlarning tabiiy muhitini saqlash bu chumchuq bolalari uchun hal qiluvchi omil. Yoshlar bilan ishlashni kuchaytirish, ularga chumchuqlarning tabiatdagi o‘rnini tushuntirish, daraxtlarga qush inlarini o‘rnatish, suv idishlari qo‘yish, qishda oziq berish kabi kichik harakatlar katta natija berishi mumkin. Chumchuqlarga nisbatan zararli stereotiplardan voz kechish, ularni ovlash va iste'mol qilish amaliyotiga barham berish kerak. Tabiatni himoya qilish qonunlar bilan emas, avvalo madaniyat bilan boshlanadi. Shu bilan birga, ilmiy monitoring va jamoatchilik nazorati ham muhim. Qushlar sonini kuzatish, muammolarni ochiq muhokama qilish, OAV orqali xabardorlikni oshirish esa muammo yechimining bir qismidir. Chunki tabiat bizdan u bilan uyg‘unlikda yashashni talab qiladi, xolos.
Nargis Qosimova