Orol dengizi mintaqasida tobora kuchayib borayotgan ekologik inqiroz sharoitida nafaqat yirik xalqaro loyihalar, balki mintaqa muammolarini hal qilishga chinakam sodiq shaxslarning tashabbuslari ham tobora muhim rol o'ynamoqda.

Оrol dengizi mintaqasida tobora kuchayib borayotgan ekologik inqiroz sharoitida nafaqat yirik xalqaro loyihalar, balki mintaqa muammolarini hal qilishga chinakam sodiq shaxslarning tashabbuslari ham tobora muhim rol o'ynamoqda. Bunday tashabbuslardan biri turli mamlakatlardan kelgan ko'ngillilarni birlashtirgan va Qoraqalpog'iston va Xorazmdagi maktab o'quvchilari bilan ishlaydigan xalqaro ta'lim loyihasidir. Butunjahon Orol xayriya jamg'armasi koordinatori Robert Uillard o'zining shaxsiy hikoyasi va Mo'ynoqdan olgan taassurotlari qanday qilib jamg'armaning tashkil etilishiga olib kelgani, nima uchun maktab o'quvchilari bilan ishlash asosiy strategiyaga aylangani va muhandislik yechimlari oxir-oqibat ekologik jurnalistikaga qanday aylangani haqida so'z yuritadi.
-Robert, Amerikadan O'zbekistonga kelib, bolalar bilan ishlash g'oyasi qanday paydo bo'ldi?
-Men O‘zbekistonga ilk bor 2017 yilda kelganman. Garchi bizning jamg‘armamiz 2016 yilda AQShda Gulsara Shermatovaning tashabbusi bilan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, aynan uning Mo‘ynoqqa qilgan sayohati va u yerda guvoh bo‘lgan ekologik hamda ijtimoiy muammolari ushbu loyihaning boshlang‘ich nuqtasiga aylandi. U ko‘rgan manzaralar nafaqat uni, balki meni ham chuqur o‘ylantirdi va shu tarzda men ham bu tashabbusga qo‘shildim.
AQShda tahsil olayotgan paytimizda — avval Pensilvaniyada, keyin esa Kolumbiya universitetida — biz talabalar bilan birgalikda loyihani shakllantirishga kirishdik. Ilk bor 5000 dollarlik grantni qo‘lga kiritganimizdan so‘ng, Orolbo‘yi mintaqasida pilot dasturni amalga oshirdik. Dastlabki bosqichda asosiy e'tibor ekologik ta'lim va daraxt ekishga qaratildi. Ammo vaqt o‘tishi bilan amaliyotga yaqin, aniq yechimlar samaraliroq ekani oydinlashdi. Shu tariqa maktablarga suv fil'trlarini o‘rnatish va ekologik ta'limni chuqurlashtirish g‘oyasi yuzaga keldi.
2022 yilga kelib, biz muhim xulosaga keldik: ko‘p maktablarni qamrab olishdan ko‘ra, kamroq, lekin chuqurroq ishlash samaraliroq. Shu bois har bir hududda ikki yoki uchta maktab bilan ishlab, haqiqiy o‘zgarish va jamoatchilik ishtirokini ta'minlashga urindik. Maktablar hamkorlik va joyiga chiqib o‘rganish orqali tanlandi, biz ehtiyoj va o‘zgarishga tayyorlikni baholaymiz. Shu bilan birga, biz faqat loyihalarni amalga oshirish emas, balki tajribani tahlil qilish va tizimlashtirishga qaratilgan metodologik yondashuvni ham ishlab chiqdik. Bizning maqsadimiz — Orol dengizi muammolari haqida gapirish bilan cheklanmasdan, o‘quvchilarning o‘zlari orqali yechimlarni namoyon qilishdir. Shu maqsadda bolalar amaliyotga faol jalb etiladi: suv fil'trlarini o‘rnatish, issiqxonalarda ishlash, akvaponika loyihalarida qatnashish. 2022 yilda biz “Ekologiya uchun muhandislik” dasturini ishga tushirdik. Unda maktab o‘quvchilari o‘z yechimlarini mustaqil ishlab chiqishadi. Bugungi kunda bizning yo‘limizni shartli ravishda uch bosqichga ajratish mumkin: daraxt ekishdan muhandislik yechimlariga, undan esa eko-jurnalistikaga o‘tish. Hozirgacha Qoraqalpog‘iston va Xorazmda sakkiz-toqqizta suv fil'tri o‘rnatildi, uchta maktab issiqxonasi loyihasi amalga oshirildi. Muvaffaqiyatning eng muhim omili o‘quvchilarning faol ishtiroki va o‘qituvchilarning qo‘llab-quvvatlashidir. Shuning uchun doimiy muloqot va joyida ishlash bizning yondashuvimizning asosiy qismi hisoblanadi. Hozirgi kunda loyihalar Qoraqalpog‘istonda, xususan, To‘rtko‘l va Kegeyli tumanlarida amalga oshirilmoqda. Men shaxsan maktab o‘quvchilari bilan ishlashni juda qadrlayman.
Bu fikrlashga ta'sir qilish, jonli muloqot qilish va natijani tez ko‘rish mumkin bo‘lgan muhit. Biroq men kattalar bilan ishlash formatlarini ham rivojlantirishni istayman, garchi bu borada tajribam hali unchalik katta bo‘lmasa-da. Talabalar bilan ishlash menga ma'naviy jihatdan yaqin, chunki men o‘zim ham doimo o‘quvchi bo‘lib kelganman. Hozirda men Vena universitetida tahsil olyapman. O‘qishga nisbatan munosabatim ikki xil: bir tomondan, uzoq vaqt nazariya bilan shug‘ullanish qiyin; ikkinchi tomondan, agar tanaffus qilsam, yana qaytish istagi kuchayadi. Aslida, mening ilmiy faoliyatim bilan amaliy ishim doimo uyg‘un ketadi. Men mutaxassisligim bo‘yicha ijtimoiy tadqiqotchiman, asosiy yo‘nalishim antropologiya. Inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganaman. Doktorantura tadqiqotim doirasida O‘zbekistondagi sug‘orish kanallari tarixi va ularning bugungi suv ta'minoti muammolariga ta'sirini tahlil qilyapman. Chimboy tumaniga qilgan safarlarim kabi tadqiqot ekspedisiyalari orqali odamlar va jamoalarning suv va atrof-muhitga bo‘lgan munosabati qanday shakllanishini chuqurroq anglash imkoniga ega bo‘lmoqdaman.
— To'rtko'l tumani va Yоnboshqal’аni tanlash sizning tadqiqotingiz bilan bog'liq deb tushunganim to'g'rimi? Xorazm va Qoraqalpog'istonda o'xshash sharoitlarga ega ko'plab tumanlar mavjudligini hisobga olsak, nima uchun aynan shu hududlar?
-Biz faoliyatimizda eng avvalo inson omiliga e'tibor qaratamiz. Chunki har qanday loyihaning muvaffaqiyati, avvalo, uni amalga oshirayotgan odamlarga bog‘liq. Biz uchun hamkorlikka chin dildan qiziqqan, tashabbusga ishonadigan insonlarni topish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aynan shunday hamkorlarni biz Chimboy tumanida topdik va bu yerda ish boshlashimizga shu omil turtki bo‘ldi. Mo‘ynoq kabi hududlarga kelsak, bu yerda allaqachon ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
U yerdagi muammolar esa ko‘lami jihatidan katta bo‘lib, kompleks va keng qamrovli yechimlarni talab qiladi. Shu bilan birga, e'tibordan chetda qolayotgan, kamroq qamrab olingan hududlar ham bor. Aynan shunday joylarda maqsadli va samarali tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyati yuqori. Masalan, To‘rtko‘l tumanida, suv omboriga yaqin joylashganiga qaramasdan, ayrim chekka aholi punktlarida sifatli ichimlik suvi tanqisligi saqlanib qolmoqda. Shu bois bu hududda suvni fil'trlash masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etadi. Davlat idoralari bilan hamkorlikka kelsak, bu yerda ko‘p narsa mahalliy tashabbus va yondashuvga bog‘liq. Agar mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qiziqish va qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, bunday hamkorlik juda samarali natijalar berishi mumkin.
-Siz rus tilida juda yaxshi gapirasiz...
— Bu, ehtimol, onamdan meros. Men Qo‘shma Shtatlardagi rus tilida so‘zlashuvchi muhitda ulg‘ayganman: onam rus, o‘zim esa Rossiyada tug‘ilganman. Rostini aytsam, interv'yularda meni faqat “amerikalik” deb atashlarini yoqtirmayman. Men doimo o‘zimni rus-amerikalik deb ta'kidlayman. Bu men uchun shunchaki ta'rif emas, aynan shu o‘ziga xoslik mening hayotiy yo‘limni, dunyoqarashimni shakllantirgan. Shuning uchun ham Rossiya va Qo‘shma Shtatlarni bog‘lagan loyihalarimiz tasodif emas. Aksincha, bu mening shaxsiy tajribam va ichki ehtiyojimning mantiqiy davomidir. Menimcha, bunday ko‘prik vazifasini bajaradigan tashabbuslar ayniqsa qimmatli. Garchi so‘nggi yillarda dunyo xalqaro hamkorlikka avvalgidek ochiq bo‘lmay qolayotgandek tuyulsa-da, aynan shunday muloqot maydonlari har qachongidan ham muhimroq. Mening kelib chiqishim aynan O‘zbekistonga yo‘l ochdi.
Bugun esa, mening nazarimda, O‘zbekiston turli madaniyatlar, qarashlar va tajribalar tutashadigan, muloqot va hamkorlik uchun noyob imkoniyat yaratadigan makon sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. Va men bu imkoniyat uchun chin dildan minnatdorman.
-Kelajak uchun rejalaringiz qanday? Atrof-muhit loyihalariga e'tibor qaratishni davom ettirishni rejalashtiryapsizmi yoki boshqa ijtimoiy tashabbuslarni rivojlantirishni ham ko'rib chiqyapsizmi?
— Siz ta'kidlaganingizdek, biz o‘z metodologiyamizni yildan-yilga takomillashtirib boramiz. Bir vaqtlar eko-jurnalistikaga shu qadar katta e'tibor qaratdikki, amaliyotga asoslangan ekologik mashg‘ulotlar biroz orqa fonga surildi. Bugun esa biz bu muvozanatni qayta tiklash zarurligini aniq anglab yetdik. Fil'trlar o‘rnatish, issiqxonalar tashkil etish, chiqindilarni yig‘ish, boshpanasiz hayvonlarga yordam berish kabi amaliy ishlar bizning faoliyatimizning ajralmas qismiga aylanmoqda. Yana bir muhim yo‘nalish bu bir necha yildan beri biz bilan birga ishlab kelayotgan maktab o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlash. Biz ularning o‘sishini, salohiyatini ko‘ryapmiz va eng muhimi bu aloqani yo‘qotgimiz kelmaydi. Shu bois hozir ustozlik (mentorlik) tashabbusini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Uning doirasida o‘quvchilarga oliy ta'lim muassasalariga kirishda yordam berish, maslahat va hatto moliyaviy ko‘mak imkoniyatlarini ham o‘rganyapmiz. Jamoamiz haqida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda u taxminan 50 nafardan iborat. Ulardan 10–14 nafari faol ko‘ngillilar bo‘lib, ayni paytda besh nafar ishtirokchi asosiy loyihalarda ish olib bormoqda. Biz uchun eng muhimi — mavjud jamoani rivojlantirish, ularni o‘qitish va ularning shaxsiy hamda kasbiy o‘sishiga sarmoya kiritishdir. Ko‘p hollarda yangi ko‘ngillilar ham aynan shu jamoa orqali shakllanadi. Shu bilan birga, biz ochiq tanlov asosida yangi ishtirokchilarni jalb qilamiz va tashabbuskor, g‘ayratli insonlar uchun doimo ochiqmiz. Moliyalashtirishga kelsak, biz AQShda rasman ro‘yxatdan o‘tgan xayriya tashkiloti sifatida asosan kraudfanding va turli grantlar orqali faoliyat yuritamiz. Bu esa bizga mustaqillikni saqlagan holda, jamiyat uchun muhim tashabbuslarni amalga oshirish imkonini beradi.
Nargis Qosimova suhbatlashdi