Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Qoratepa hududida joylashgan g‘isht zavodlarining noqonuniy faoliyati yillar davomida jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Xususan, ushbu zavodlardan atmosferaga chiqarilayotgan zararli tutunlar nafaqat atrof-muhitga, balki hududda yashovchi aholi salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Afsuski, bu holat uzoq vaqtdan beri davom etayotganiga qaramay, mas’ul tashkilotlar, jumladan, ekologiya idoralari tomonidan yetarli choralar ko‘rilmayapti. Qarshi tumani va umuman viloyat ekologiya tizimi bu muammoga ko‘z yumayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.
Qoratepa hududida 500 dan ortiq, ehtimol 1000 ga yaqin xonadon mavjud bo‘lib, bu yerda yuzlab oilalar yashaydi. Shunga qaramay, hudud deyarli nazoratsiz qolgan. Ekologiya sohasiga mas’ul xodimlarning harakatsizligi esa vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Aholi orasida haqli savollar tug‘ilmoqda: ushbu holatni kim nazorat qiladi? Nega ekologiya organlari tomonidan qat’iy choralar ko‘rilmayapti? Mas’ul rahbarlar, jumladan, A. Abdihakimov boshchiligidagi tizim bu muammolarga qanday munosabat bildirmoqda?
Eng achinarlisi shundaki, ushbu hududda oddiy insonlar, bolalar va keksalar yashamoqda. Ular har kuni zararli havodan nafas olishga majbur. Qoratepa qishlog‘i aholisi ekologiya tashkilotlarining sustkashligidan chora izlash kerakmi yoki zavodlarning zarariga qarshi kurashish yo‘lini topish kerakmi — bu savollar hanuz ochiq qolmoqda.
Noqulay ekologik sharoitlar aholining noroziligini oshirib bormoqda. Ammo bu norozilik va dardli murojaatlar kim tomonidan eshitiladi — noma’lum.
Shu bilan birga, mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ekologiyani yaxshilash borasida qator tashabbuslar ilgari surilayotgan bir paytda, hududlarda bunday muammolarning davom etayotgani jiddiy xavotir uyg‘otadi.
Qashqadaryoda esa aksincha, aholining haqli e’tirozlari ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bu esa tizimli muammolar mavjudligini yana bir bor ko‘rsatadi.