“Ekolog”jamoat birlashmasi hamda AQShning World Aral Region Charity INC (WARC) tashkiloti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ekologik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, ekologik jurnalistika va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish yo‘nalishlarida ikki tashkilot o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Ekolog” jamoat birlashmasi hamda AQShning World Aral Region Charity INC (WARC) tashkiloti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ekologik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, ekologik jurnalistika va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish yo‘nalishlarida ikki tashkilot o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Memorandumning asosiy maqsadi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ekologiya, iqlim o‘zgarishi, Orolbo‘yi muammolari hamda ekologik kommunikatsiya sohalarida tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Hamkorlik doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda birgalikda faoliyat olib boriladi:
Shuningdek, Memorandum doirasida ekologik jurnalistika va kommunikatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Tomonlar o‘zlariga tegishli onlayn media platformalarida ekologik mavzulardagi maqolalar, intervyular, reportajlar va tahliliy materiallarni muntazam e’lon qilib boradi. Shu bilan birga, ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha jurnalistik materiallarni ingliz va o‘zbek tillariga tarjima qilish, xalqaro auditoriya uchun sifatli kontent tayyorlash ham rejalashtirilgan.
Hamkorlik doirasida jurnalistlar, blogerlar, yoshlar, pedagoglar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun ekologik jurnalistika, media savodxonlik, storitelling, samarali kommunikatsiya va innovatsion yondashuvlar bo‘yicha seminarlar, treninglar, davra suhbatlari hamda ochiq darslar tashkil etiladi.
Muhim yo‘nalishlardan yana biri — Qoraqalpog‘iston Respublikasining qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Mazkur tashabbus doirasida zamonaviy raqamli ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda O‘zbekiston va AQSh ekspertlari ishtirokida mentorlik dasturi ishlab chiqiladi. Dastur ekologik ta’lim, liderlik, loyiha boshqaruvi, media ko‘nikmalari va xalqaro hamkorlik bo‘yicha yoshlarning salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Tomonlar mazkur Memorandum ekologik ta’lim, ilm-fan, ekologik jurnalistika va jamoatchilik bilan samarali muloqotni rivojlantirishga yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonch bildiradi. Ushbu hamkorlik Orolbo‘yi hududining ekologik muammolariga xalqaro e’tiborni kuchaytirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.