Bo‘z echkiemar (Varanus griseus) Markaziy Osiyodagi eng yirik sudralib yuruvchilardan biri bo‘lib, O‘zbekiston cho‘l ekotizimining ajralmas qismi hisoblanadi. U kemiruvchilar, ilonlar, hasharotlar va boshqa mayda jonivorlar bilan oziqlanib, tabiatdagi biologik muvozanatni saqlashda muhim ekologik vazifani bajaradi. Shu bois bo‘z echkiemar faqat noyob hayvon emas, balki cho‘l ekotizimining barqarorligini ta’minlovchi muhim tur hisoblanadi. Afsuski, bugungi kunda ushbu jonivor noqonuniy ov, yashash muhitining qisqarishi va ilmiy asosga ega bo‘lmagan xurofotlar sabab yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.
