Uning so‘zlariga ko‘ra, 11-avgust kuni tunda olingan surat hamda bugun olingan boshqa surat hududda chiqindi yoqilgani va buning oqibatida tutun tarqalayotganini ko‘rsatadi.

Murojaat muallifi chiqindilar yonishi natijasida hosil bo‘layotgan tutun aholi yashash hududiga, xususan, hovli va xonadonlarga kirib, fuqarolarga noqulaylik tug‘dirayotganini bildirgan.

Shuningdek, uning aytishicha, aholi yashaydigan hudud atrofida to‘planayotgan chiqindi uyumlari ustidan yetarli nazorat yo‘q. Bu esa chiqindilarning noqonuniy ravishda yoqilishi kabi holatlarning takrorlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Murojaatchi bunday holatlarning oldini olish maqsadida chiqindi tashlanadigan hududlarni nazoratga olish, shuningdek, zarur joylarga videokuzatuv kameralarini o‘rnatish taklifini ilgari surmoqda.

Aholi mas’ullardan chiqindilarni kim yoqayotganini aniqlash, noqonuniy yoqish holatlariga chek qo‘yish hamda chiqindilarni belgilangan tartibda olib chiqib ketishni ta’minlashni so‘ramoqda.

Shuningdek, fuqarolar chiqindi yoqilishi oqibatida tutun va noxush hidning xonadonlarga tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishiga umid qilmoqda.